Bolani kitobga o‘rgatish sirlari

Bolani kitobga o‘rgatish sirlari
Mashhur fransuz faylasufi Frans Bekon “Kitoblar tafakkur durdonalarini avloddan avlodga eltuvchi aql kemalaridir”, deb bejiz aytmagan.
Bolalar kitobxonligini shakllantirishda maktab hamda ota-onalar zimmasiga nihoyatda murakkab va mas’uliyatli vazifa yuklanadi.
Ota-ona kitobdan foydalanishda quyidagi omillarga e’tibor berishlari lozim:
1. Maktabda o‘qituvchi, uyda ota-ona bolada kitob o‘qish ko‘nikmasini hosil qilishi kerak. Bunda oddiydan murakkablikka, ya’ni murakkabligi jihatidan bolaning kamolot darajasiga mos bo‘lgan kitoblar tanlash qo‘l keladi.
2. Kitob tanlashda o‘smirning ma’naviy darajasini hisobga olish lozim. Birinchi navbatda badiiy, keyinchalik ixtisosliklar bo‘yicha kitoblarni tavsiya etish mumkin.
3. Kitob tanlashga ixtisoslashish. Bu tajriba AQSh ta’lim tizimida o‘zini oqlagan. Ularda bolani 12 yoshga qadar ixtisoslashtirishga harakat qilinadi va shunga qarab kitob tanlab beriladi. Bu dastlab mutaxassislarni cho‘chitgan edi, lekin Amerika ta’lim tizimining keyingi 30 yillik tajribasi o‘smirlarni boshlang‘ich sinflardayoq ixtisoslashtirish samarali ekanligini isbotladi.
4. Kitobni ekspertizadan o‘tkazish. Jamiyatimiz erkinlashib, demokratlashib borgan sari kitob nashr etish ishlarida ham erkinlik yuzaga kela boshladi. Shu ma’noda ota-ona bola uchun kitob tanlayotganda uni ma’no-mazmuni, uslubiy jihatdan mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazib olishi maqsadga muvofiq. Bunday qilish tarbiyaning asosiy yo‘nalishlaridan chalg‘imaslikka, o‘smir ma’naviy dunyosining to‘g‘ri shakllanishiga va qo‘yilgan maqsadga yetishishga olib keladi. Bu tajriba o‘zbek milliy pedagogikasi tajribasidan ham ma’lum.
5. Kitob o‘qishini kuzatib, nazorat qilib borish.
Ota-onalar bolalarga kitob tanlashda o‘smirlarning yoshi, ruhiyati, qiziqishi, didini hisobga olishi yoki zarur hollarda mutaxassislar bilan maslahatlashishi kerak. Faqat o‘zbek adabiyotigina emas, qardosh va chet el adabiyoti namunalaridan ham bolalarga tavsiya etish maqsadga muvofiq. Ko‘pincha biz kuzatgan oilalarda kitob tanlash, uni o‘qishga e’tibor beriladi-yu, lekin avaylab-asrashga befarq qaraydilar. Kuzatishlar natijasida darsliklar, juda ko‘p rangli bolalarbop kitoblar yirtilib, chizilib, chiqindi qutilariga tashlanganligining guvohi bo‘ldik. Bolalarga “Kitob ham nondek aziz”ligini tushuntirishda kattalarning o‘zi ibrat bo‘lishi zarur. Shunda o‘smirlarda shaxsiy kutubxona tashkil etish istagi paydo bo‘lsa ajab emas.
O‘zim rahbarlik qilayotgan 4-sinf o‘quvchilarining ota-onalari bilan hamkorlikda “Bir bolamga ikki kitob” shiori ostida amaliy ishlar olib boryapmiz. Bunda ota-onalar farzandiga bir oyda ikki kitob sovg‘a qilishadi va bu kitoblarning barchasini farzandlari bilan birgalikda o‘qib borishadi. Ushbu jarayon natijalarini kuzatib borib “Eng, eng, eng kitobxon yulduz!” devoriy gazetasi tashkil qildik. Bu gazetamizda bir oy davomida sinfda eng ko‘p kitob o‘qigan, eng ko‘p she’r-u g‘azallar yod olgan, eng ko‘p kitob sotib olgan, shahar va maktab kutubxonalariga a’zo bo‘lgan o‘quvchilarni saralab:
“Eng zo‘r kitobxon o‘quvchi”;
“Eng zo‘r notiq o‘quvchi”;
“Eng zo‘r she’rxon o‘quvchi”;
“Eng zo‘r muxbir o‘quvchi”;
“Eng zo‘r g‘azalshunos o‘quvchi”
kabi nominatsiyalar bilan rasmlarini ilib, ularni rag‘batlantirib boramiz. Bunday samarali ishlarga bosh qo‘shgan ota-onalarga xat yoki ota-onalar bilan aloqa daftarlari orqali o‘z tashakkurnomalarimizni bildirib boramiz. Shunday yaxshi natijalar bilan men o‘z sinf rahbarlik faoliyatimni maroq bilan bajaryapman.