O’tkir Hoshimov «Dunyoning ishlari» qissasidan ONA

…Tush ko’rsam, onam chiroq ko’tarib yurganmish. Yuzini aniq ko’rmasmishman-u, ammo qo’lidagi chiroq xira nur sochib turganmish. «Ko’zingga qara, bolam, chuqur bor», dermish nuqul. Qarasam, chuqur yo’q. Uyg’onsam, onam ham yo’q…
Ba’zan ish bilan, ba’zan majlislar bilan, gohida ulfatchilik bilan uyga kech qaytardim. Bir kuni Namangandan mehmonlar kelib qolishdi. Uyga borishga ko’nmay, o’zimni restoranga sudrashdi. Yarim kechagacha qolib ketdim. Uyga qaytganimda kayfim bor edi. Darvozani onam ochdi. Sovuqda mushtdekkina bo’lib dildirab turibdi.
-Shu vaqtgacha uxlamadingizmi!-dedim zarda qilib.-Eshik ochishga sizdan boshqa odam yo’qmi?
Onam ma’yus jilmaydi:
-Uyqu qatta, bolam? O’-o’tiribman.
Ertasiga redaksiyada navbatchilik cho’zilib ketdi. Qarasam, yana onamning chirog’i yoniq.
-Nega uxlamadingiz?
Onam ma’yus jilmaydi:
-Bilasan-ku, jon bolam, kamuyqu bo’lib qolganman.
Men nodon, onamning kamuyqu bo’lib qolganiga, yarim kechagacha yuramanmi, tongotar qaytamanmi, onamning chirog’i muttasil lipillab turishiga ko’nikkan ekanman.
Qaysi kuni ishdan keyin moskvalik mehmonlarni aeroportga kuzatib qo’yadigan bo’ldim. Samolyot kechikib uchdi. Yarim kechada uyga qaytsam…hamma yoq jimjit. Hamma o’z oromi bilan…
Tushimda onam chiroq ko’tarib yurganmish.
O’tkir Hoshimov «Dunyoning ishlari» qissasidan