O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana arafasida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yangi kutubxona foydalanishga topshirildi

????????????????????????????????????
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana arafasida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yangi kutubxona foydalanishga topshirildi
2019 yil 6 dekabr kuni Dang‘ara tumanida yangi kutubxona foydalanishga topshirildi. Kutubxona davlatimiz rahbarining joriy yil 6-7 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Dang‘ara tumani aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun zamonaviy qulayliklarga ega kutubxona qurish topshirig‘i asosida qurib bitirildi. Kutubxona qurilishida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va viloyat hokimligining ham xizmati bor. Mazkur kutubxonaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshaboyeva, viloyat hokimi o‘rinbosari F.Qosimov, Dang‘ara tumani hokimi S.Aminjonov va boshqalar mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini oshirishga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar.Yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida boshlangan sa’y-harakatlar, ezgu tashabbuslar zamirida ham yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy dunyosini boyitish, bilim va dunyoqarashini yuksaltirish kabi maqsadlar mujassam. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusdan biri ham bevosita mazkur masalaga daxldor.
Bugungi kunda davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatda ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Mazkur yangi bunyod etilgan axborot-kutubxona markazida kitobxonlar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy kompyuter va jihozlar bilan ta’minlangan. 20 mingdan ortiq kitob fondiga ega bu maskan dang‘araliklar uchun bayramga munosib tuhfa bo‘ldi.